Search

Samarqand yo‘llari ravon bo‘lmoqda



Samarqanddagi yo‘llarning nosozligi, tirbandligi va boshqa noqulayliklar keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama etilgan mavzulardan biri bo‘ldi.

Shahar va uning atrofidagi yo‘llarda olib borilgan rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari aholi uchun vaqtinchalik bo‘lsa-da qiyinchiliklar tug‘dirdi. Turizmni rivojlantirish maqsadida hamda yirik xalqaro tadbirlar oldidan Samarqand shahri va uning atrofidagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi keng ko‘lamli ishlar samarasi bugun ko‘zga ko‘rinib qoldi. Belgilangan ishlar bosqichma-bosqich yakunlanib, keng va ravon yo‘llar ochilmoqda, hudud obod bo‘layotir. 

Jumladan, shaharning Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari chorrahasida tunel shaklidagi, M-39 avtomobil yo‘lida Samarqand shahri va Samarqand turizm markazini bog‘lash maqsadida monolit usulida yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurildi. Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi Chashma arig‘i ustida galereya usulida ko‘prik qurilib, ko‘cha ravonlashdi. Umar Jo‘raqulov ko‘chasida – Shohizinda ko‘chasidan M-39 avtomobil yo‘ligacha to‘liq asfalt yotqizish ishlari yakunlandi. Shuningdek, Imom Buxoriy majmuasiga borish yo‘lida – Oqdaryo ustida 130 pagonometrlik yangi ko‘prik bunyod etildi.

– Tasdiqlangan loyihalar asosida Samarqand shahri va uning atrofida 95,4 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, 5 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 167,2 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lakchalari qurish, yo‘llarda 2156 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish rejalashtirilgan edi, – deydi Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i N.Sanaqulov. – bugungi kunda 52,4 kilometrlik yo‘llarda ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Samarqand xalqaro aeroporti va Samarqand turizm markaziga olib boruvchi Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Shohizinda, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chalarida so‘nggi bosqich asfalt qoplamasi yotqizish ishlari yakunlandi. Ayni paytda Afrosiyob, Sadriddin Ayniy, Registon va boshqa ko‘chalarda bu boradagi ishlar davom etmoqda. Yaqin kunlarda yo‘llarni asfaltlash ishlari to‘liq yakuniga yetkaziladi. 

Ushbu ishlarni amalga oshirishda samarqandlik yo‘lsozlar bilan birga respublika avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi 20 dan ortiq bosh pudratchi korxona va 15 ta yordamchi pudratchilarning 350 ga yaqin zamonaviy texnikasi, beshta asfalt-beton ishlab chiqarish zavodidan samarali foydalanilmoqda. Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar davomida yo‘l chetlarida 54 ming tupdan ortiq manzarali daraxt va butalar ko‘chati ekildi. Bu ishlar ayni paytda ham qizg‘in davom etmoqda. 

Shahar yo‘llarida transport va piyodalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish maqsadida zamonaviy, aqlli svetaforlar o‘rnatish, videokuzatuv moslamalari joylashtirish ishlari davom etayotir. Yangi yo‘llarga mos ravishda bekatlar ham yo‘lovchilar uchun qulayliklarga ega yangilariga almashtirilmoqda. Yaqin orada bu ishlar natijasida Samarqand ko‘chalari bugungi kun talablariga mos tarzda zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi va xalqimiz hamda sayyohlarga uzoq yillar xizmat qiladi.

G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri
A.Isroilov (surati)