Samarqand sammiti Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida yangi sahifa ochdi
2022 yil 16 sentyabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi.
bugungi kunda dunyodagi nufuzli xalqaro tuzilmaga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil 15 iyunda Shanxay shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan deklaratsiya asosida tashkil etilgan. O‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zi qamragan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash Tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri sifatida uning faoliyatida muhim va faol rol o‘ynamoqda. O‘zbekistonning tashabbuslari SHHTning xalqaro nufuzini va salohiyatini yuksaltirishga, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga hamisha xizmat qilib kelgan.
Mamlakatimiz shu paytgacha SHHTga 2003-2004, 2009-2010 hamda 2015-2016 yillarda raislik qilgan. O‘zbekistonning to‘rtinchi – 2021-2022 yillardagi raisligi qizg‘inligi, mazmundorligi va natijaga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Samarqand mezbonlik qilayotgan SHHTning bu galgi sammiti ham an’anaga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan uchrashuvda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min va SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.
Samarqand sammiti kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari SHHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning 2021-2022 yillarda SHHTga raisligi natijalari yuzasidan axborot berdi. Qayd etilganidek, bu davrda 80 dan ortiq yirik tadbir o‘tkazildi. Pandemiyaning murakkab oqibatlari va yangi xavf-xatarlarga qaramay, O‘zbekistonning SHHTga raisligi rejasi to‘liq bajarildi.
Sammitda imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda SHHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
Prezidentimiz SHHT tarixan qisqa davrda mintaqaviy va global jarayonlarning ta’sirchan ishtirokchisiga aylanganini ta’kidladi. Xavfsizlik va iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida, tashkilotning barqarorlashtiruvchi roli kuchayib bormoqda.
Davlatimiz rahbari SHHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shularni hisobga olib hamda SHHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikning samarali tajribasiga tayanib, davlatimiz rahbari yaqin yillarda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, SHHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga to‘xtalib o‘tildi. Xavfsizlik muammolari va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz SHHT kelajagi va mamlakatlarimiz rivoji ko‘p jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bog‘liq ekanini ta’kidladi. “Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz”, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
A’zo davlatlar yetakchilari o‘z chiqishlarida SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga to‘xtalib o‘tdilar. Samarqand sammiti alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisi kuzatuvchi mamlakatlar, faxriy mehmonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Sammit bunday keng formatda – 14 ta mamlakat yetakchilari ishtirokida birinchi marta o‘tmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Tashkilotga a’zo mamlakatlar va uning tuzilmalari yetakchilari bilan birga SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar rahbarlari va sammitning faxriy mehmonlari – Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Rozmari DiKarlo qatnashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Tashkilotga O‘zbekiston raisligi davrida SHHT doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi va kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalardagi hamkorlikning yangi format va mexanizmlari ishga tushirilganini ta’kidladi.
Iqtisodiyot, sanoat, innovatsiyalar, turizm, sog‘liqni saqlash, xalq diplomatiyasi, gender tengligi va ayollar tadbirkorligini ilgari surish borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
Mamlakatimiz yetakchisi SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan aniq takliflar va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Eng avvalo, tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va ochiqligini, keng xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilganini saqlab qolish, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga rioya qilish muhimdir. Markaziy Osiyo bundan buyon ham SHHTning "geografik yadrosi" bo‘lib qolishi kerak.
“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. “Biz faqat shu yo‘l bilangina SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashimiz mumkin”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, davlatimiz rahbari SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlash taklifini bildirdi. Ushbu dasturiy hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha jabhalarini qamrab olish, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga qaratilgan.
Iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish, a’zo mamlakatlarning maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish, har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish va uning negizida yagona elektron platforma yaratish takliflari ilgari surildi.
Jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi SHHTda bu borada faol hamkorlik qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini bildirdi.
SHHT makonida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shavkat Mirziyoyev Sammit doirasida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolanganini tarixiy voqea sifatida baholab, ishtirokchilarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishini ham qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Shu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun O‘zbekiston SHHTning Birinchi transport forumini o‘tkazish va uning yakunida Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga tayyorligi aytildi.
Davlatimiz rahbari ekologik tahdid va xatarlar ortib borayotganini ta’kidlab, SHHTning Iqlim kengashini tuzishni taklif etdi. Ushbu mexanizm “yashil” taraqqiyot, cho‘llanish va tuproq tanazzuliga qarshi kurashish, ekologik loyihalar, shu jumladan, Orolbo‘yi uchun innovatsion yechimlar va moliyaviy mablag‘lar jalb qilishga ko‘maklashadi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi ustuvor vazifalar qatorida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, xavfsizlikka tahdid va xatarlarning oldini olish hamda ularga tezkorlikda javob qaytarish bo‘yicha SHHT MATT faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish taklif etildi. Dunyoda radikalizmning o‘sishi xavfli tendensiyaga aylanayotgan hozirgi sharoitda bu ayniqsa muhimdir.
Davlatimiz rahbari afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamiga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj ekani, o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik kerakligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond ta’sis etish taklif qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosi ekanini ta’kidladi. Madaniyatlar va an’analar xilma-xilligini hurmat qilish millionlab odamlarga do‘stona muloqot va o‘zaro almashuvning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar kabi hamkorlikning qo‘shimcha formatlarni yaratishga chaqirdi. Madaniyatlararo muloqotning raqamli shakllari: virtual muzeylar va ijodiy ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Turizm sohasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash uchun 2023 yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilish taklif etildi.
O‘zbekiston rahbari Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Shu bois umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini ilgari surdi. Uning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun kelgusi yilda siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida Samarqand xalqaro forumi o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O‘zbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol ko‘mak uchun tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
“Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar Shanxay hamkorlik tashkilotining yanada izchil rivojlanishiga hamda nufuzi yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majlisda a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar hamda BMT va SHHT rahbarlari so‘zga chiqdi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati bo‘ldi.
Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir. Jumladan:
– SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasi to‘g‘risida;
– SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha konsepsiyasi to‘g‘risida;
– “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni to‘g‘risidagi nizom to‘g‘risida;
– SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” to‘g‘risida;
– Eronning SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolangani to‘g‘risida;
– Belarus Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish jarayonini boshlash to‘g‘risida;
– Maldiv Respublikasi, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Myanma Ittifoqi Respublikasi, Quvayt Davlatiga SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risida;
– Varanasi shahrini (Hindiston) 2022-2023 yillarda SHHTning turizm va madaniy poytaxti deb e’lon qilish to‘g‘risida;
– SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMT (YUNESKO) o‘rtasida memorandumni imzolash to‘g‘risida;
– SHHT Bosh kotibining tashkilotning o‘tgan yilgi faoliyati hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining 2021 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari haqida;
– SHHT Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining amal qilishini bekor qilish to‘g‘risida;
– SHHT faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, SHHT Davlat rahbarlari kengashining:
– iqlim o‘zgarishiga nisbatan javob harakatlari to‘g‘risida;
– ishonchli, barqaror va diversifikatsiyalashgan yetkazib berish zanjirlarini ta’minlash to‘g‘risida;
– global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida;
– energetik xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi bayonotlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– Eronning SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum;
– SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida xizmatlar savdosi sohasidagi hamkorlikning hadli asoslari;
– SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari o‘rtasida muzey ishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– SHHT mamlakatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi;
– SHHT mamlakatlarini infratuzilmaviy rivojlantirish dasturi;
– SHHT mamlakatlarining ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi;
– Raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha SHHT dasturi;
– SHHTga a’zo davlatlarning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha hamkorligi dasturi;
– SHHTga a’zo davlatlarning tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash masalalarida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
– SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlardagi ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasi (2022-2025 yillarda);
– SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
– SHHT mamlakatlarining telemeditsina sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi;
– SHHT mamlakatlarining “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi;
– SHHT va Arab davlatlari ligasi kotibiyatlari o‘rtasida memorandum;
– SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMT (YUNESKO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;
– SHHT kotibiyati bilan Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi.
Shu bilan O‘zbekistoning SHHTga bu galgi raisligi yakunlandi va raislik ilk bor Hindiston Respublikasiga o‘tdi.
Majlis yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamda SHHT bosh kotibi Chjan Min ishtirokida brifing o‘tkazildi va unda Samarqand sammiti natijalari, unda muhokama etilgan masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berildi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda o‘tkazilgan sammiti bir qator jihatlari bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu avvalo, Davlat rahbarlari kengashining pandemiya boshlangandan buyon o‘tgan uch yil ichida ilk bor barcha a’zo mamlakatlar yetakchilarining to‘liq tarkibda yuzma-yuz muloqot qilgani, kuzatuvchi va mehmon mamlakatlar soni oshgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Shuningdek, yig‘ilishda ilk bor 40 dan ortiq hujjat ko‘rib chiqildi. Tashkilotni kengaytirish, yangi a’zolar qabul qilish, muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish yuzasidan qarorlar imzolandi. Muhimi, SHHT makonida birdamlik, hamkorlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslar bildirildi hamda ularni amalga oshirishga yakdillik bildirildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari