Search

O‘zbekistonning ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun 2 trillion so‘m ajratiladi



Prezidentimizning «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini 2022-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi regulation.gov.uz portalida e’lon qilindi.

Loyihada Moliya vazirligi ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 2 trillion so‘m va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 1 trillion so‘m mablag‘ ajratishi belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, 2022-2026 yillarda «Obod mahalla» dasturi asosida poytaxtimizdagi 120 ta mahallaning sharoitlari yangilanadi. Hujjatga muvofiq, ichimlik suvi ta’minoti, oqova suv tizimi hamda yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlari tegishligiga ko‘ra, Moliya vazirligi huzuridagi «Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish» jamg‘armasi hamda «Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish» jamg‘armalari orqali moliyalashtiriladi.
Tanlab olingan shahar va shaharchalardagi mahallalar, qishloq (ovul)larning mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarini bosh reja sxemalari bilan birga rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.

Yo‘llarni qurish va ta’mirlash, ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, tungi yoritish uskunalarini o‘rnatish, piyoda va velosiped yo‘laklarini qurish,  ob’ektlarni jihozlash ishlari loyiha doirasida amalga oshiriladi. Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha buyurtmachilar etib, ichki avtomobil yo‘llari (Toshkent shahri ko‘chalari bundan mustasno) bo‘yicha - Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi «Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasi, Toshkent shahri ko‘chalari bo‘yicha - Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi, qolaversa, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlari bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ hamda «O‘ztelekom» AK hududiy filiallari   belgilangan. 
Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari (ijtimoiy sheriklik loyihalari bundan mustasno) bo‘yicha - «Suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» unitar korxonasi, Toshkent shahri bo‘yicha - Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi, sohadagi ijtimoiy sheriklik loyihalari bo‘yicha - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, ijtimoiy soha ob’ektlari va markazlashgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa ob’ektlar bo‘yicha - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari belgilangan.

Mazkur hujjat loyihasida 2022 yil 1 fevralga qadar qishloq va mahallalarda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish-ta’mirlash ishlarining manzilli dasturiga muvofiq ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi hamda qurilish maydonlari uchun zarur yer maydonlari ajratilishi qayd etilgan.
Muhokama 26 yanvarga qadar davom etadi.