Search

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liklikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liklikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik


 12.09.2022


O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi bunday o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda.

Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas.

Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

 

Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli

Barchaning va har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko‘p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi.

Ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan qisqa davrda SHHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin.

Bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.

SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Shu sababli ham SHHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

SHHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi.

Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport
va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda.

 

O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi: birgalikda rivojlanish orqali umumiy muvaffaqiyat sari

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi”. Uni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik.

Yil davomida o‘tkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo‘llari va nuqtalarini izlash kabi ko‘plab muhim masalalar qamrab olindi.

O‘z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan SHHT uchun katta istiqbolga ega bu yo‘nalishlar O‘zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizning SHHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik o‘zagi bo‘lmish, bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.

SHHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir.

Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.

Shunga ishonchim komilki, bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir. Shak-shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma’naviy burchimizdir.

Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim.

Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin.

O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo eta olamiz.

 

«Samarqand ruhi» – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi

Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan” so‘ng SHHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur.

Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan qadimiy Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.

Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi.

Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.

Insoniyatning bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.

Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.

Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.

Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.

Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.

Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma’no mujassam.

Ishonchimiz komilki, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv
va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti