Search

Samarqand viloyatida elektromobillarni zaryadlovchi ilk qurilma ish boshladi

Samarqand viloyatida elektromobillarni zaryadlovchi ilk qurilma ish boshladi



Oʻzbekistonda yildan-yilga elektromobillar soni koʻpayib, aholining bu turdagi mashinalarga qiziqishi ortib boryapti. Bu esa oʻz-oʻzidan bunday transport vositalarini quvvatlovchi bekatlarni tashkil etishni taqozo etadi.

Mamlakatimizda ularni quvvatlantirish uchun birinchi elektr zaryadlovchi qurilmalar Fargʻonada, keyin Toshkent shahri va Toshkent viloyatida paydo boʻlgan edi. Hozirga kelib esa yurtimizning turli burchaklarida  23 ta zaryadlovchi qurilmalar faoliyat koʻrsatmoqda. Bu koʻrsatgich bundan bir yil oldin atigi 3 ta edi. Yaqinda esa Samarqand viloyatida ham ana shunday bekat oʻz ishini boshladi.

Mazkur bekat M-39 avtomobil yoʻlining Bulungʻur tumanidan oʻtuvchi qismida joylashgan. Bu esa Respublikamizning istalgan hududiga ketayotgan elektromobil haydovchilari uchun katta qulay yaratadi. Ushbu uskuna 2 soat davomida avtomobillarni energiya bilan quvvatlaydi va bu avtomobilni 500 kilometr yoʻl bosishiga toʻliq yetadi. Ish boshlaganiga koʻp vaqt boʻlmasada, mazkur bekatdan foydalanuvchilar soni anchaginani tashkil qilmoqda.  

Agarda mazkur bekatni katta yoʻl yoqasida joylashganini hamda viloyatga ichki turizm sifatida tashrif buyuruvchilar soni koʻpligini hisobga olsak, ushbu qurilmaga ehtiyoj nechogʻli katta ekanini bilish qiyin emas. Albatta, bu yurtimizda har bir tarmoqni tobora rivojlanib borayotganidan, taraqqiyot esa zamon bilan hamnafas ekanidan dalolatdir deyiladi Xalq so'zi rasmiy sahifasida. 

Abdulaziz Yoʻldoshev

“Xalq soʻzi”