Koʼchani tegishli ruxsatnomasiz kovlagan quruvchilarga chora koʼrildi.
Samarqand shahar hokimligi, “Oʼzyoʼlinspektsiya” Samarqand hududiy boʼlimi, shahar yoʼl harakati xavfsizligi boʼlimi hamda Obodonlashtirish boshqarmasi masʼullaridan iborat ishchi guruh tomonidan Samarqand shahrida olib borilayotgan qazish ishlari oʼrganildi.
Bugungi oʼrganish davomida oʼzboshimchalik bilan, tegishli ruxsatnomalarsiz qazish ishlarini olib borgan qurilish tashkilotlari aniqlandi va ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʼrildi.
Jumladan, Gʼiyosiddin Jamshid koʼchasida "Trans yoʼl qurilish" MChJ tomonidan tegishli hujjatlarsiz qazish ishlarini olib borilgan. Ish jarayonida esa suv quvuriga shikast yetkazilgan va aholi ichimlik suvisiz qolib ketgan. Masʼullar tomonidan qurilish korxonasiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va aholiga ichimlik suvi yetkazildi. Shu kuni Samarqand shahrining Shoxrux Mirzo koʼchasida ham hech qanday ruxsatnomalarsiz, noqonuniy tarzda qazish ishlari olib borilganligi aniqlandi. Hatto, quruvchi tomonidan koʼcha yoʼl harakati xavsizligini taʼminlovchi belgilarsiz oʼzboshimchalik bilan yopib qoʼyilgan va transport vositalarining harakati toʼxtagan. Ushbu quruvchiga nisbatan ham maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, Oʼzbekiston koʼchasida ham belgilangan tartibga zid boʼlgan holatda, masʼul tashkilotlarning ruxsatnomasisiz kovlash ishlarini olib borgan quruvchi maʼlum boʼldi. U quruvchiga nisbatan ham maʼmuriy bayonnoma tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan kovlash ishlariga cheklangan tartibda qoʼl urgan qurilish masʼullari kelgusida tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan qazish ishlarini olib borilmaslik toʼgʼrisida yana bir bor tushuntirish berildi. Shu oʼrinda Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan boshqa quruvchi tashkilotlardan ham oʼzboshimchalik bilan shahar koʼchalarida kovlash, asfalt qoplamasiga ziyon yetkazish ishlarini olib bormasliklarini soʼrab qolamiz. Аks holda, qonun doirasida javobgarlikka tortilishi toʼgʼrisida maʼlum qilamiz.