Search

Bahodir Jalolov Olimpiada o‘yinlari oltin medali sohibi

Bahodir Jalolov Olimpiada o‘yinlari oltin medali sohibi



 

Jahon chempioni, delegatsiyamiz bayroqdori Bahodir Jalolov (+91) O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligiga munosib sovg‘a tuhfa qildi.

Mahoratli bokschimiz Bahodir Jalolov finalda amerikalik Richard Torresga qarshi ringga ko‘tarildi. Bellashuvda bokschimiz haqiqiy yetakchilarga xos jang qildi. Ikkinchi raundda raqibini nokdaun holatiga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.  Uchinchi raundni ham o‘z foydasiga hal qilgan Bahodir Jalolov “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Tokioda muzaffar bokschimiz sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Eslatib o‘tamiz, bokschilar shu vaqtga qadar 2019 yilgi jahon chempionati chorak finali doirasida uchrashgandi. O‘shanda Bahodir Jalolov Richard Torresni nokautga uchratgan edi.

Bahodir Jalolov finalgacha bo‘lgan yo‘lda ozarbayjonlik Magomed Abdullayev, hindistonlik Satish Kumar va britaniyalik Freyzer Klarkni mag‘lub etdi.

O‘zbekiston sportchilari “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlarida 3 ta oltin, 2 ta bronza medali bilan o‘ttiz birinchi o‘rindan joy olishdi. Bu Markaziy Osiyoda eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi.