Search

10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun



Serquyosh, hur o‘lkam...

Ana shu so‘zlar bilan boshlanadigan O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganligiga 29 yil to‘ldi.

“Davlat suvereniteti ramzi bo‘lgan madhiya matni O‘zbekis­ton xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan. Unga O‘zbekiston xalq artisti Mutal Burxonov musiqa bastalagan”.

Aksariyat hollarda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan axborot mazmunan qisqacha ana shunday so‘zlardan iborat bo‘ladi. Aslida-chi? Davlat madhiyasini yaratish zarurati qachon paydo bo‘lgan, uni amalga oshirish jarayoni qanday kechgan?

Bu savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.

1992 yil 10 dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Kengashi o‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respub­likasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganda buning uchun qanday mashaqqatlar chekilgani faqatgina sanoqli odamlargagina ma’lum edi. Hali O‘zbekis­ton mustaqillikka erishmay turib Davlat madhiyasini yaratish belgilab olinganini ham ulargina yaxshi eslardi.

1990 yilning 24 martida O‘zbekiston Oliy Sovetining birinchi sessiyasi o‘z ishini boshladi. Sessiyada ittifoqdosh respublikalar orasida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Prezidentlik lavozimini joriy etish haqida qaror qabul qilindi. Sessiya Islom Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib sayladi. Oliy Sovet qarori bilan Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi yangi madhiyasining matni va musiqasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Bu harakat hali SSSR degan qudratli, "qilichidan qon tomgan" davlat barqaror bo‘lib turgan paytda juda katta jasorat edi. Mustaqillikkacha esa hali yo‘l ancha olis, bir yarim yil bor edi...

1990 yilning dekabrida qo‘mita tomonidan Davlat madhiyasi matni va musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi ijodkorlar yashirin imzo – taxallus bilan qatnashishlari shart qilib qo‘yilgan edi.

1991 yil 5 aprel kuni qo‘mitaning  Pirimqul Qodirov raislik qilgan yig‘ilishida faqat bitta “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi” uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash” masalasi ko‘rildi. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olindi.

Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birontasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmadi. 2 ta musiqiy asar esa qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazildi. Yig‘ilish yakunida taniqli musiqashunoslar fikriga tayanilib, hozirgacha jaranglayotgan Mutal Burxonov asarini yangi madhiyaga asos qilib olish fikri ma’qullandi.

1992 yilning oktyabr oyida she’r tanlash bo‘yicha ikkinchi bosqich yig‘ilishida taxalluslarning “siri” ochilib, g‘olib shoirlar ism-familiyasi aniq bo‘ldi. Qo‘mita qaroriga binoan Abdulla Oripov Mutal Burxonov musiqasiga moslab yangi she’r yozib berdi. Natijada navbatdagi sessiyaga Abdulla Oripov she’ri va Mutal Burxonov musiqasi, Mirpo‘lat Mirzo she’ri va Rustam Abdullayev musiqasi, Abdulla Oripov she’ri va Baxtiyor Aliyev musiqasi taqdim etiladigan bo‘ldi.

1992 yil 8 dekabrda boshlangan o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Kengashi o‘n birinchi sessiyasining dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Sessiyaning uchinchi kuni – 10 dekabrda esa mustaqil O‘zbekis­tonning Davlat madhiyasi variantlari deputatlar hukmiga havola etildi. Ovozga qo‘­yish jarayonida A.Oripov va M.Burxonov varianti deputatlar tomonidan to‘la ma’qullandi.

Davlat madhiyasini tasdiqlashdan oldin sessiyada so‘z olgan Prezident Islom Karimov ijodiy guruhga hech kimning xayoliga kelmagan bir taklifni o‘rtaga tashladi: “Nazarimda, madhiya ijrosini biroz ayol ovozi bosib ketgandek. Uni mardona, erkak ovozi bilan kuchaytirish kerak”. Nozik did va sinchkovlik bilan aytilgan bu so‘zlardan keyin madhiya hozirgi holatga keltiriladi. Bugun madhiyamiz baralla kuylanganda uning mardona jaranglashidan qalbimiz benihoya faxr va g‘ururga to‘ladi.

 

Izzatulla Norquvvatov.

manba: zarnews.uz