Search

Bugun 9-fevral, Bobokalonimiz - shoir, mutafakkir, ilmu-ulamo hazrat Nizomiddin Mir Аlisher Navoiy tavallud etgan kun...

«So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin...» — Navoiy nuqtai nazarida so‘z va nutq


«So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin...» — Navoiy nuqtai nazarida so‘z va nutq


O‘zining g‘oyaviy niyatini til imkoniyatlari, ta’sirchan nutq vositalari bilan ifodalashda Navoiyning zakosi ustuvorlik qiladi. Uning tilga bag‘ishlangan maxsus asarlaridan tashqari devonlari-yu «Xamsa»si ham tilning boyligi, nafosati va ma’no qudratining amaliy ifodasidir.

Til, so‘z, nutq, tovush, harf singari lisoniy birliklarni his etish, uning ta’sir kuchini anglash va anglatish, ularni g‘oyaviy maqsad nuqtai nazaridan mohirona qo‘llash doimo adiblarning diqqat markazida turgan. Biron so‘z san’atkori yo‘qki, til, so‘z, nutqqa e’tibor qilmagan bo‘lsin.

Hatto, diniy va dunyoviy ta’limotda dunyoning yaralishi va tugashini, ya’ni ibtido va intihoni ham so‘z bilan bog‘lash mavjud. Parvardigori olamning «Bo‘l!» degan xitobi bilan o‘n sakkiz ming olam yaralgan. Uning kunfayakun bo‘lishi ham so‘z bilan deyiladi. Hazrat Navoiy bejiz «So‘z kelib avvalu jahon so‘ngra, Ne jahonki kavn ila makon so‘ngra», demagan.

Demak, so‘z – ilohiy ne’mat. Uni muqaddas tutish, kalom ahlini e’zozlash azaldan mavjud. So‘zning sehrini unga mehr qo‘yganlar yaxshi anglashadi.

Xo‘sh, mutafakkir shoir Alisher Navoiyning xuddi shu masalaga munosabati qanday? Shu haqda mulohaza bildirmoqchimiz.

U ayrim asarlarida so‘z haqida, uning xosiyati va nutqning mohiyati borasida alohida to‘xtalib o‘tgan. So‘zning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va insonning o‘zligi so‘zi bilan bog‘liqligini shoirona tashbehlar bilan izohlaydi.

So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,
So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq, yo‘q ondin.

Shoir boshqa bir o‘rinda «Ko‘ngul durji ichra guhar so‘z durur. Bashar gulshanida samar so‘z durur» – deydi. «Guhari sharif»lik darajasida ta’riflangan so‘zga Navoiyning munosabati ayricha. Insonning so‘zlagan so‘ziga qarab, uning ma’naviyati, ruhiy olamini anglash mumkin. Shuning uchun ham xalqning «o‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan naqli behuda aytilmagan. Har kim so‘zlashi, nutq irod etishi mumkin. Lekin uning saviyasi, bilimi, dunyoqarashi, qiziqishi, botiniy dunyosi go‘zal bo‘lmasa, so‘zi mazmunli, nutqi jozibali bo‘lishi qiyin. «So‘zdan so‘zning farqi bor o‘ttiz ikki narxi bor» degan maqol mazmunida bu fikrning so‘zlovchiga ham daxli borligi anglashiladi. Demak, til umumiy, nutq esa individual vosita. Har kim undan o‘z didi va tab’iga muvofiq foydalanadi.

Navoiy nutqni bahorga, so‘z ma’nosini esa, gulga qiyos qiladi. Gul bahorning kelgani, iforiy islarga boyligini anglatadi. Gulning bo‘yidan bahramand bo‘lish dilda ajib hislarni uyg‘otadi. Bahor anvoyi gullar bilan go‘zal. Qog‘oz gul ko‘zni quvontirar, lekin u xushbo‘y hiddan bebahra. Xuddi jimjimador so‘z ma’nodan yiroq bo‘lgani kabi. Demak, nutqdan, so‘zdan maqsad ma’no. Ma’no ‒ so‘z toji. «So‘zlash ixtiyori menda» qabilida ish tutish ham har doim yaxshilik keltiravermaydi. Serso‘zlik — laqmalik, nodonlik alomati. «Aytuvchi dono bo‘lmasa ham, eshituvchi dono bo‘lsin» degan gap zamirida ham shu ma’no bor. Ahli donishlarning biridan so‘rashibdi: «Qanday qilib donishmand bo‘ldingiz?» U debdi: ‒ Eshitib, eshitib va yana tinglab.

Qolaversa, qisqa, lekin ma’noli so‘zlash odob belgisi. Mana, Navoiyning shu haqdagi fikri:

Har kimsaki, so‘z demak shiorida durur,
Ma’no guli nutqining bahorida durur.
So‘zkim, demasun ulki ixtiyorida durur,
So‘z yaxshiligi chu ixtisorida durur.

Qisqa so‘z va ko‘p ma’no anglatish badiiylik mezonlaridan. Navoiy nutqning qisqaligi va soddaligi notiq fazilati ekanini uqtirib qolmasdan, balki so‘zga munosabat borasida o‘tmish allomalarning shu haqdagi fikrlariga tayanadi ham. Kaykovusning «Qobusnoma»sida shularni o‘qiymiz: «Ko‘p bilib oz so‘zlagil va kam bilib ko‘p so‘z demagil. Nima uchunki, aqlsiz shundoq kishi bo‘ladur — u ko‘p so‘zlar. Debdurlarki, xomushlik salomatlik sababidur, chunki ko‘p so‘zlaguvchi oqil kishi bo‘lsa ham, avom uni aqlsiz derlar». («Meros» nashriyoti., 1992 y. 35-bet.)

Navoiy nazdida, so‘zga o‘ta ehtiyotkorlik zarurki, nojo‘ya so‘z noxush holatga sabab bo‘lishi, bir so‘z bilan kishi dili xira bo‘lishi mumkin. «So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq, so‘zlagandim tegdi boshimga tayoq» xalq naqlini Navoiy boshqacha tarzda ifoda etadi, tanbeh beradi. So‘zning o‘rni sir. Uni bilish, amalda qo‘llay olish zarur. So‘z san’atkorlari so‘zlashdan oldin o‘ylash, ya’ni topish, tanlash va qo‘llashda aql-idrok, fahm-farosat lozimligini doim e’tiborda tutishgan. So‘z bilan kishini shod etish, barbod etish ham mumkin. Navoiy nutq egasini tilga e’tibori va mas’uliyatini kuchaytirib, o‘rinsiz so‘z boshga balo bo‘lishi muqarrarligini e’tirof etadi.

So‘zdan kishining g‘amu balo hosilidur,
Har nuqtada tili desa, balo doxilidur.
Besirfa degan kishiga tili qotilidur,
Alqissaki, kimsaning balosi tilidur.

Navoiy shu o‘rinda mazkur rivoyatga ishora qilgan bo‘lsa ajab emas. Bir kuni shoh o‘ng qo‘l vaziri bilan shikordan qaytib kelayotganida, pastqam bir uyning oldida beli bukchaygan, hassaga tayangan kezi bir qo‘li oldinda tilanchilik qilib turgan qariyaga ko‘zi tushadi. Shoh vazirga ishora qilib deydi: ‒ Hu anovi mo‘ysafidni ko‘rayapsanmi? Bizlarga yoshligimizda saboq bergan Ali Safiy degan ustozga juda o‘xsharkan-a?

Vazir: ‒ Ma’zur tuting, o‘sha qariya Ali Safiyning xuddi o‘zidur, dedi.

Shoh darg‘azab bo‘ldi: ‒ Men yurt hukmdori, sen vazir bo‘la turib, bizga alifbodan saboq bergan ustozimizning shunday ko‘yga tushishiga sabab ne?!

— Men ustozga ko‘p bor maslahat soldim, unamadi. Yaxshisi, o‘zingiz bir so‘rab ko‘rmaysizmi? —dedi vazir.

Shoh otdan sakrab tushib, Ali Safiy hazratlarining oldiga borib, ko‘rishdi.

— Ustoz, bu ahvolotingizning boisi nedur? – deb so‘radi.

— To‘g‘ri, ‒ o‘smoqchilab so‘z boshladi ustoz, ‒ men sizlarga chin dildan, chin so‘zdan saboq berdim. Menga ham saboq bergan ustozlar ko‘p bo‘lgan. Ular ichida ikkitasi meni xush ko‘rib, doim ardoqlab yurardi. Biri nima deyishni o‘rgatardi, ikkinchisi esa nima demaslikni. Nima demaslikni bilaman-u, nima deyishni o‘rganishim kerak, ‒ deb, birinchi ustozga qo‘l berdim, oqibatda shunday ko‘yga tushdim. Keyin anglab yetdim: nima deyishdan ko‘ra, nima demaslikni bilish donolik ekan.

Navoiy o‘gitlaridan biri shunday: «So‘zni ko‘ngulda pishqormaguncha tilga kelturma, har nekim ko‘ngulda bor, tilga surma». Anglashilayaptiki, zarur so‘zdan ham eng zarurini ayt, uning ham hojati bo‘lsa, degan mazmun Navoiyning talabi.

Ulug‘ mutafakkir nutqning xususiyatlari ‒ qisqalik, soddalik, mantiqiylik va ta’sirlilik haqida fikr bildirar ekan, uning qanday aytilishi, ya’ni qay so‘zni qay ohangda ifodalanishiga ham diqqat qiladi. Ma’lumki, «Nurnoma» risolasida parvardigorning yetti daryo yaratgani borasida so‘z ketadi. Ulardan biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi deya e’tirof etiladi. Birinchisi anglash bo‘lsa, ikkinchisi mayin, muloyimlik demakdir. Halimtabiatli kishi yumshoq, kishi diliga ozor yetkazmaydigan so‘zni topib aytadi. Shuning uchun ham kimdir topib so‘zlaydi, kimdir qopib deyishadi. Bu, albatta, insonning fe’l-atvori, saviyasi bilan bog‘liq. Kaykovus «sovuq so‘z bir tuxumdur, undin dushmanlik hosil bo‘lur» deyishi bilan haqli. Navoiy xuddi shu fikrlarni to‘rtlik shakliga keltirib quyidagicha taqdim yetadi.

Har kimki chuchuk so‘z elga izhor aylar,
Har nechaki ag‘yor durur, uni yor aylar.
So‘z qattig‘i el ko‘ngliga ozor aylar,
Yumshog‘i ko‘ngullarni giriftor aylar.

Ilonning inidan, pichoqning qinidan chiqishiga ham qaysi so‘zni qanday aytilishi sabab. Mashhur voizlarning biridan «el ichra e’tiboru ehtirom qozonishingizning boisi nimadan?» ‒ deb so‘raganlarida, u «qaysi mav’izani kimga, qayerda, qachon, qanday qilib, eng muhimi, qancha aytishni bilganligim hamda amal qilganligim uchun bo‘lsa kerak», ‒ deb javob bergan ekan.

Nutq odobi va o‘rni masalasiga alohida e’tibor bilan qaraganini «Xamsa» dostonlarida ham sezish mumkin. «Farhod va Shirin»dan tashqari barchasida so‘z haqida alohida bob borligidan ham bilish mumkin. Xuddi shunday mulohazalarni «Nasoyim ul-muhabbat», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Nazmu ul-javohir» kabi asarlarida ilgari surgan. So‘zni ilohiy xitob deya e’tirof yetadi.

Navoiy so‘zni mazmun va mohiyati jihatidan ikkiga bo‘lgan. Tangriga xos bo‘lgan so‘z va bashariyatga xos bo‘lgan so‘z. Qur’oni karimdagi balog‘at va fasohatli so‘zlarni, «Lavh ul-mahfuz»dagi taqdir bitiklarini, butun koinotning yaralishidagi tangri taoloning «kun!» (ya’ni, bo‘l!) degan amriga ishora qilib so‘zning qadimiyligi va ilohiyligini uqtiradi. Yuqorida keltirganimizdek, «So‘z kelib avval-u jahon so‘ngra, Ne jahonki kavn ila makon so‘ngra», — deb yozadi shoir.

Bashariyatga xos bo‘lgan so‘zni esa uchtaga bo‘ladi. So‘zni insonlarning aql darajasiga xoslab so‘zlang degan hadisga muvofiq uning quyidagi turlarini izohlab o‘tadi. 1. A’lo (eng oliy), 2. Avsat (o‘rta), 3. Adno ( eng past). Shoir e’tiroficha, eng birinchi qadimiy so‘z maliki qadim. Ya’ni Allohning so‘zi bo‘lsa, so‘ngra nubuvvat tili risolat lisoni, ya’ni payg‘ambar Muhammad alayhissalomning hadislari, keyin to‘rtinchi xalifa Hazrat Alining nazm-u nasrga oid so‘zlari, so‘ngra avliyo va mashoyixlarning so‘zlaridir. Avsatga esa fasohat bilan so‘z aytuvchi shoir va fuzalolar mansub. Avom takallumi va barcha omi odamlarning so‘zlari esa uchinchisi adno rutbasiga kiradi. Shoirning ushbu mulohazalari ham e’tiborlidir. So‘z bilan inson iymon sharofatiga ega bo‘ladi. So‘z so‘nggi nafasda ham najotkordir. So‘z tavhid kalimasi bo‘lib, kim so‘nggi nafasda aytsa abadiy najot topadi. Sehrli so‘z va ilohiy kalom ikki kishiga biri Muhammadi arabiy, ikkinchisi Iso masihga xosdir. Biri so‘zda mo‘’jiza ko‘rsatadi va nozik ma’nolari bilan elni ojiz-u hayron qoldirdi. Ikkinchisi so‘z bilan o‘likka jon va tanga ruh kirgizadi. Iste’dodli adabiyotshunos Sayfiddin Sayfulloh o‘g‘li Navoiyning so‘zga munosabati borasida o‘z mulohazalarini bildirarkan, yana quyidagilarni e’tirof etadi. Navoiy so‘zni ta’riflab jism bo‘stonidagi daraxt, ruh daraxtlardagi mevadir, ‒ deydi. Tanida ruhi bor odam so‘zga muhtojdir. So‘z barchaning ko‘ngillar qutisidagi javhar, og‘iz qutisidagi gavhardir. Yaxshi so‘z o‘lgan odamning taniga ruh bag‘ishlasa, yomoni va zaharlisi tandagi ruhni o‘ldiradi.

So‘zdin o‘lukning tanida ruhi pok
Ruh dog‘i tan aro so‘zdin halok.

So‘z tufayli Xalil o‘zini o‘tga tashlagan, Jabroil ham so‘z yukiga hammol bo‘lgan.

Alisher Navoiy so‘zga munosabatni tirik jonzotga munosabat tarzida anglaydi. Tanlangan va aytilgan so‘z nishonga qanday borishi, qanday samara berishi u uchun muhim. O‘zining hayotiy va ijodiy faoliyatida shunga amal qilib yashagan she’riyat sultoni mulohazalari biz uchun ibratlidir.

Jahon bo‘ylab xalq qalbi, ongi uchun kurash keskin davom etayotgan ayni paytda mafkuraning manbai bo‘lgan til, nutq, so‘z hodisasiga o‘rinli munosabat zarur. Mustaqillik g‘oyalarini targ‘ib-tashviq etishga intilgan har qanday voiz, notiq uni puxta bilishi, unga amal qilishi bugunning talabi.

Zero, Navoiy hazratlari aytganlaridek, «Ko‘ngul maxzanining qulfi til va ul maxzanining kalitin so‘z bil».

Rahimboy Jumaniyozov,

TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi